29- Xalqaro «Ozbekiston neft va gazi – OGU 2027» korgazmasi va anjumani

12 - 14 may 2027, CAEx Uzbekistan / Toshkent

Yangiliklar

Neft va gaz sanoatidagi ishlarning holati ko`rib chiqildi

Prezident Shavkat Mirziyoyevga “O‘zbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyatining joriy yilning birinchi yarmidagi faoliyati va yil yakunigacha bo‘lgan ustuvor vazifalarga oid hisoboti taqdim etildi.

Joriy yilning birinchi yarmida korxonada 11,5 milliard kub metr tabiiy gaz ishlab chiqarildi. Shu bilan birga, neft, dizel yoqilg`isi, aviakerosin va suyultirilgan gaz ishlab chiqarish hajmi prognoz ko`rsatkichlaridan oshdi.

Yil oxiriga qadar 1 million 100 ming tonna avtomobil benzini, 983 ming tonna dizel yoqilg‘isi, 310 ming tonna aviakerosin, 606 ming tonna suyultirilgan gaz va qariyb 1 million 180 ming tonna sintetik mahsulotlar ishlab chiqarish rejalashtirilgan.

Geosiyosiy vaziyatning keskinlashuvi munosabati bilan Markaziy Osiyodan oʻtuvchi yoʻnalishlarda parvozlar soni ortib bormoqda. Xususan, O‘zbekistonga parvozlar soni 2025-yilga nisbatan ortdi. Joriy yilning iyul-dekabr oylarida aviakerosinga bo‘lgan talab 375 ming tonnani tashkil etishi kutilmoqda, bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 27 foizga ko‘pdir. Bu ehtiyojning asosiy qismi mahalliy neftni qayta ishlash zavodlari hisobidan qoplanadi.

Shu bilan birga, ayrim hamkor davlatlarda neft mahsulotlari eksportiga cheklovlar joriy etilishi munosabati bilan muqobil manbalardan, jumladan, Gruziya, Iroq va boshqa mamlakatlardan aviakerosin olib kirish yo‘lga qo‘yildi.

Geologiya-qidiruv ishlari sifati va hajmini oshirish maqsadida “O‘zbekgeofizika” aksiyadorlik jamiyatini modernizatsiya qilish rejalari haqida ham ma’lumotlar keltirilgan. Quduqlarni tadqiq qilish uchun geofizik uskunalarni yangilash va zamonaviy 3D seysmik dala majmuasini xarid qilish uchun 38,8 million dollar ajratish rejalashtirilgan.

Shuningdek, seysmik maʼlumotlarni qayta ishlash markazini yaratish boʻyicha xorijiy kompaniyalar, xususan, Amerikaning Schlumberger kompaniyasi bilan hamkorlikda olib borilayotgan ishlar haqida ham maʼlumot berildi. Markazda zamonaviy superkompyuter majmuasi o‘rnatiladi, yangi dasturiy ta’minot xarid qilinadi, seysmik tadqiqotlarda sun’iy intellektdan keng foydalaniladi.

Ushbu chora-tadbirlar tufayli yillik 3D seysmik tadqiqotlar maydoni 1 ming 800 dan 5 ming kvadrat kilometrgacha, tadqiqot chuqurligi esa 4,5 ming metrdan 8 ming metrgacha oshadi. Tayyorlanayotgan istiqbolli geologik inshootlar soni 19 tadan 30 taga ko‘payadi.

Quduqlarni qurish jarayonida yuqori harorat va bosimga chidamli materiallar, ultratovushli karotaj texnologiyalari, real vaqt rejimida geofizik monitoring, gorizontal burg‘ulash ishlarini joriy etish bo‘yicha chora-tadbirlar belgilandi. Bu qiyin geologik sharoitlarda quduqlarning ishonchliligini oshirish, mahsuldor qatlamlarning samarali rivojlanishini ta`minlash va yuqori oqim tezligiga erishish imkonini beradi.

Davlat rahbari aholi va iqtisodiyot tarmoqlarini neft mahsulotlari bilan barqaror va uzluksiz ta’minlash choralarini ko‘rish bo‘yicha topshiriqlar berdi.

Shuningdek, sanoat korxonalarini texnologik yangilash, energiya samaradorligini oshirish, ishlab chiqarish tannarxini pasaytirish va rejalashtirilgan tadbirlar ijrosi ustidan qat’iy nazoratni ta’minlash bo‘yicha vazifalar belgilandi.



Manba