Yangiliklar (for all)
Buxoro neftni qayta ishlash zavodi quvvati ikki baravar — yiliga 5 mln tonnagacha oshadi
Prezident Shavkat Mirziyoyev qiymati 328 mln dollar bo‘lgan Buxoro neftni qayta ishlash zavodini modernizatsiya qilish loyihasi bilan tanishdi, deb xabar berdi davlat rahbari matbuot xizmati.
2026-yil yanvar–sentabr oylarida zavod 12,1 trln so‘mlik 1,36 mln tonna neft mahsulotlari ishlab chiqardi. Shu davrda mahsulot va xizmatlar eksporti 99,5 mln dollarni tashkil etdi, yil oxirigacha uni 116 mln dollarga yetkazish rejalashtirilgan.
Modernizatsiya doirasida gidrotozalash va nafta izomerizatsiyasi uskunalari o‘rnatiladi, xomashyoni ajratish va og‘ir qoldiqlarni chuqur qayta ishlash jarayonlari takomillashtiriladi. Bu Yevro-5 standartiga mos AI-92 va AI-95 markali yuqori oktanli benzin ishlab chiqarishni oshirish imkonini beradi.
Loyiha yakunlangach, zavodning yillik qayta ishlash quvvati 2,5 mln tonnaga oshib, 2,5 mln tonnadan 5 mln tonnaga yetadi. Bu ichki bozorga neft mahsulotlari yetkazib berishni ko‘paytirish va eksport imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qiladi.
Prezident modernizatsiyani belgilangan muddatda, yuqori sifatda amalga oshirish hamda yangi uskunalarning mavjud ishlab chiqarish quvvatlari bilan muvofiqligini ta’minlash bo‘yicha topshiriqlar berdi.
Manba: Kapital.uz