Yangiliklar
Neft-gaz tarmog‘ini kuz-qish mavsumiga tayyorlash masalalari ko‘rib chiqildi
Prezident Shavkat Mirziyoyev neft-gaz tarmog‘ini bo‘lajak kuz-qish mavsumiga tayyorlash jarayoni haqidagi hisobot bilan tanishdi.2026-2027-yillar kuz-qish davrida aholi, ijtimoiy soha obyektlari va iqtisodiyot tarmoqlarini energiya resurslari bilan barqaror ta’minlash uchun ishlab chiqilgan kompleks chora-tadbirlar ko‘rib chiqildi. Tabiiy va suyultirilgan gaz yetkazib berish, magistral va hududiy gaz tarmoqlarini ta’mirlash, yoqilg‘i zaxiralarini shakllantirish, shuningdek, avariya-tiklash brigadalarining tayyorgarligini ta’minlash bo‘yicha aniq vazifalar belgilandi.
Gaz ta’minoti tizimini mavsumga tayyorlashga alohida e’tibor qaratildi. Xususan, mavsum boshlangunga qadar magistral gaz quvurlarining 53,7 kilometrlik nuqsonli uchastkalarini almashtirish, shuningdek, kompressor stansiyalaridagi 77 ta gaz haydash agregatini kapital ta’mirlash rejalashtirilmoqda.
Bundan tashqari, 881 ta mahalladagi 220 mingta xonadonning gaz ta’minotini yaxshilash va texnologik yo‘qotishlarni kamaytirish maqsadida taqsimot sxemasini uch bosqichli tizimdan ikki bosqichli tizimga o‘tkazish ko‘zda tutilgan. 711,9 kilometr gaz tarmoqlari va 400 ta gaz taqsimlash punkti kapital ta’mirlanadi va rekonstruksiya qilinadi.
Aholi va ijtimoiy soha obyektlarini suyultirilgan gaz bilan ta’minlash masalasi ham ko‘rib chiqildi. Kuz-qish davrida 325,7 ming tonna suyultirilgan gaz yetkazib berish rejalashtirilmoqda, shu jumladan 8,2 ming tonnasi borish qiyin bo‘lgan 229 ta aholi punktida yashovchi 104,7 ming iste’molchiga yetkaziladi.
Kuz-qish davri uchun yoqilg‘i zaxiralarini shakllantirish bo‘yicha ham choralar ko‘rilmoqda. Xususan, dekabr-yanvar oylariga 120 ming tonna avtomobil benzini zaxirasini yaratish rejalashtirilgan. Isitish mavsumi davomida issiqlik elektr stansiyalariga 4 million 161 ming tonna ko‘mir yetkazib berilishi prognoz qilinmoqda.
Texnologik barqarorlikni ta’minlash maqsadida «O‘zbekneftgaz» tizimidagi korxonalarda 90 ta texnologik qurilmada ta’mirlash ishlari olib boriladi. Bu ishlab chiqarish quvvatlarining uzluksiz ishlashini hamda aholi va iqtisodiyot tarmoqlarini energiya resurslari bilan barqaror ta’minlashni ta’minlaydi.
Tayyorgarlik ishlari faqat neft-gaz tarmog‘i bilan cheklanmasligi ta’kidlandi. Ularni energetika va kommunal sohalar bilan kompleks ravishda olib borish zarur. Shu maqsadda respublika va hududiy komissiyalar faoliyatini tashkil etish, kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik jarayonini muvofiqlashtirish va uning borishi ustidan doimiy nazorat o‘rnatish topshirildi.
Mas’ul shaxslarga belgilangan tadbirlar ijrosi ustidan qat’iy nazoratni ta’minlash, kuz-qish mavsumiga tayyorgarlikni o‘z vaqtida va sifatli yakunlash, aholi va ijtimoiy soha obyektlarini tabiiy va suyultirilgan gaz, shuningdek, boshqa turdagi yoqilg‘i bilan barqaror ta’minlash bo‘yicha topshiriqlar berildi.
Manba