29- Xalqaro «Ozbekiston neft va gazi – OGU 2027» korgazmasi va anjumani

12 - 14 may 2027, CAEx Uzbekistan / Toshkent

Yangiliklar

Buxoro neftni qayta ishlash zavodi laboratoriyasi xalqaro standartlar asosida rivojlantiriladi

“O‘zbekneftgaz” AJning xalqaro biznes platformasi — “UNG Overseas” tashabbusi bilan Buxoro neftni qayta ishlash zavodi Markaziy laboratoriyasida xalqaro texnik audit o‘tkazildi.
Auditga sinov, inspeksiya va sertifikatlash sohasida faoliyat yurituvchi “Bureau Veritas” xalqaro guruhining ixtisoslashgan bo‘linmasi — “Bureau Veritas Fuels” ekspertlari jalb etildi.
Maqsad laboratoriya faoliyatini ISO/IEC 17025:2017 xalqaro standarti talablari asosida kompleks baholashdan iborat edi. Uch kun davomida xalqaro ekspertlar laboratoriyaning sifat menejmenti tizimi, neft mahsulotlarini sinovdan o‘tkazish usullari, asbob-uskunalarning texnik holati, kalibrlash va metrologik ta’minot jarayonlari, shuningdek, xodimlarning kasbiy malakasini o‘rgandilar. Sinov jarayonlari bevosita kuzatilib, laboratoriya natijalarining aniqligi va ishonchliligini ta’minlash amaliyoti ham tahlil qilindi.
Mazkur audit laboratoriyaning joriy holatini baholash bilan cheklanmay, uni xalqaro talablar asosida takomillashtirishning keyingi yo‘nalishlarini belgilashga ham xizmat qiladi. Audit yakunlari bo‘yicha laboratoriya faoliyatini yanada rivojlantirish, sinovlar aniqligini oshirish, uskunalardan samarali foydalanish va xodimlar malakasini oshirishga qaratilgan amaliy tavsiyalar ishlab chiqilishi kutilmoqda. Shuningdek, ISO/IEC 17025:2017 standarti bo‘yicha xalqaro miqyosda tan olinadigan akkreditatsiyadan o‘tishga tayyorgarlik ko‘rish imkoniyatlari shakllantiriladi.
Laboratoriya nazoratini takomillashtirish ishlab chiqarilayotgan neft mahsulotlari sifatining barqarorligini ta’minlash, sinov natijalariga bo‘lgan ishonchni mustahkamlash va mahsulotlarning xalqaro bozorlardagi raqobatbardoshligini oshirishda muhim ahamiyatga ega. Bu, ayniqsa, zavodni modernizatsiya qilish va eksport salohiyatini kengaytirish jarayonida alohida o‘rin tutadi.

Manba