28- Xalqaro «O`zbekiston neft va gazi – OGU 2026» ko`rgazmasi va anjumani

12 - 14 may 2026, CAEx Uzbekistan / Toshkent

Yangiliklar

Kecha Prezident Shavkat Mirziyoyev gaz qazib olishning bugungi holati va uni yanada ko‘paytirish chora-tadbirlariga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” axborot agentligi.

Davlatimiz rahbari matbuot xizmati xabariga ko‘ra, “O‘zbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyati raisi joriy yilda amalga oshirilgan ishlar va 2025-yilga mo‘ljallangan ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan hisobotini taqdim etdi.

Xorijiy kompaniyalar ishtirokida qator loyihalar ustida ish olib borilayotgani ta’kidlandi. Ular bilan hamkorlikda kelgusi yilda gaz qazib olish hajmini barqarorlashtirish bo‘yicha loyihalar ishlab chiqildi. Xususan, zamonaviy texnologiyalardan foydalangan holda yangi qazib olish quduqlari qazilib, mavjudlari ta’mirlanadi.

Sohaning asosiy muammosi uzoq yillar davomida geologiya-qidiruv ishlariga yetarlicha e'tibor berilmagani aytilmoqda. Natijada, ba'zi konlar o'z zahiralarini deyarli tugatgan bo'lsa, boshqalarining samaradorligi pastligicha qolmoqda. Bu muammoni hal etish uchun zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, istiqbolli 15 ta maydonda geologiya-qidiruv ishlarini boshlash rejalashtirilgan. Seysmik qidiruv ishlari maydoni 6,5 ming kvadrat kilometrgacha oshiriladi.

Mutasaddilarga yirik xorijiy kompaniyalar va mutaxassislarni jalb etgan holda 2025-yilda geologiyani rivojlantirish va yangi konlarni o‘zlashtirish dasturini ishlab chiqish topshirildi.

“O‘zbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyatini o‘zgartirish ishlari davom ettiriladi, bunda asosiy maqsadlar qatoriga xarajatlarni kamaytirish va xalqaro kredit reytingini yaxshilash kiradi. Kelgusi yilda ishlab chiqarish loyihalari va geologiya-qidiruv ishlarini moliyalashtirish uchun xalqaro manbalar mablag‘larini jalb etish ko‘zda tutilgan.

Davlatimiz rahbari sarmoya va yangi texnologiyalar bilan bir qatorda kadrlar masalasi ham muhim ahamiyat kasb etmoqda, dedi. Ta’lim sifatini oshirish va zamonaviy mutaxassislar tayyorlash, xorijda mehnat qilayotgan malakali vatandoshlarni taklif etish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.