29- Xalqaro «Ozbekiston neft va gazi – OGU 2027» korgazmasi va anjumani

12 - 14 may 2027, CAEx Uzbekistan / Toshkent

Yangiliklar (for all)

Prezident investorlar bilan yoqilg‘i-energetika sohasidagi islohotlarni jadallashtirish masalalarini muhokama qildi

Prezident Shavkat Mirziyoyev yoqilg‘i-energetika tarmog‘ida islohotlarni jadallashtirish va sohaning investitsiyaviy jozibadorligini oshirish masalalari bo‘yicha investorlar bilan ochiq muloqot o‘tkazdi.

Davlatimiz rahbari iqtisodiyotni rivojlantirish, tadbirkorlar rejalarini amalga oshirish va aholi farovonligini oshirish uchun barqaror energiya ta’minotini ta’minlash muhimligini ta’kidladi. So‘nggi o‘n yilda energetika bozori xususiy investitsiyalar uchun ochildi, davlat-xususiy sheriklik mexanizmlari joriy etildi. Shu davrda sohaga 35 milliard dollar investitsiya jalb qilindi. Quyosh, shamol va gidroenergetikani rivojlantirish hisobiga qayta tiklanuvchi energiya manbalarining umumiy ishlab chiqarish hajmidagi ulushi 31 foizga yetdi.

Uchrashuv kuni umumiy qiymati 4,7 milliard dollar bo‘lgan oltita yirik loyiha bo‘yicha bitimlar imzolandi. Ular 3 ming megavatt ishlab chiqarish va 400 megavatt saqlash quvvatlarini yaratishni nazarda tutadi.

Mamlakatimiz Prezidenti energetikaga investitsiyalarni jalb etish sohasida yangi bosqich boshlanayotganini ta’kidladi. Endi har bir loyiha nafaqat yangi quvvatlarni yaratishi, balki energiya ta’minotining ishonchliligini oshirishi, shuningdek elektr energiyasi yo‘qotishlarini kamaytirishi kerak. 2030 yilgacha 22 ming megavatt yangi quvvat yaratish, elektr energiyasi ishlab chiqarishning yillik hajmini 129 milliard kilovatt-soatdan oshirish va qayta tiklanuvchi energiya manbalari ulushini 54 foizga yetkazish rejalashtirilgan.

Buning uchun ishlab chiqarish, uzatish va energiya saqlash tizimlari o‘zaro bog‘liq holda rivojlantiriladi. U yoki bu hududda qanday energetik quvvatlar zarurligi oldindan aniqlanib, tayyor loyihalar ochiq tanlovlarga chiqariladi. Investorlar yer uchastkalarini ajratish, tarmoqlarga ulash va elektr energiyasini xarid qilish shartlari haqida oldindan xabardor qilinadi. Yaqin vaqt ichida umumiy quvvati 2 ming 200 megavatt bo‘lgan oltita quyosh va shamol elektr stansiyasi loyihasi tanlovga chiqariladi.

Ilk bor 2050 yilgacha energetikani rivojlantirish bo‘yicha Milliy bosh reja ishlab chiqiladi. Kelgusi yil 1 martga qadar tarmoqlarga ulanish imkoniyatlari xaritasi, 1 iyulga qadar esa to‘liq bosh reja taqdim etiladi. Bu investorlarga o‘z loyihalarini uzoq muddatli istiqbolda rejalashtirish imkonini beradi.

Elektr tarmoqlari va energiya saqlash infratuzilmasini kengaytirishga alohida e’tibor qaratildi. 2030 yilgacha 5 ming kilometr tarmoq va 16 ta yirik podstansiya qurish, shuningdek energiya saqlash quvvatlarini 4,5 gigavattga yetkazish rejalashtirilgan. Sanoat korxonalari va ma’lumotlarni qayta ishlash markazlarining ortib borayotgan ehtiyojlarini hisobga olgan holda, ularni oldindan ishonchli elektr ta’minoti bilan ta’minlash zarurligi ham ta’kidlandi.

Ta’minot tarmoqlarida xususiy sektor ishtirokini kengaytirish, ijtimoiy soha obyektlari va nasos stansiyalarini energiya tejovchi texnologiyalar asosida modernizatsiya qilish masalalari ham ko‘rib chiqildi. “Yashil” energiya ishlab chiqaruvchilarga sertifikatlar va uglerod kreditlarini sotishdan qo‘shimcha daromad olish imkonini beruvchi mexanizmlar joriy etiladi.

Prezident investitsiya loyihalari mahalliy sanoat uchun ham yangi imkoniyatlar ochishi kerakligini ta’kidladi. Yuqori kuchlanishli uskunalar, energiya saqlash tizimlari va shamol generatorlari uchun butlovchi qismlar ishlab chiqarishni mahalliylashtirishni nazarda tutuvchi umumiy qiymati 850 million dollar bo‘lgan 12 ta istiqbolli loyiha tayyorlandi. Farg‘ona tumanida atom elektr stansiyasi qurilishi uchun zarur mahsulotlar ishlab chiqariladigan maxsus sanoat zonasi tashkil etish rejalashtirilgan.

Neft-gaz sohasida geologiya-qidiruv ishlari, konlarni o‘zlashtirish samaradorligini oshirish va xomashyoni chuqur qayta ishlash yo‘nalishlarida hamkorlik kengaytiriladi. Ustyurtda SOCAR va British Petroleum kompaniyalari bilan birgalikda oltita investitsiya blokida qidiruv-razvedka ishlari olib borilmoqda, xorijiy hamkorlarga taklif etish uchun yana 128 ta blok tayyorlangan. Shuningdek, Buxoro viloyatida MTO loyihasini amalga oshirish va Buxoro hamda Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodlarini modernizatsiya qilish rejalari ham ma’lum qilindi.

Suyultirilgan gaz bilan ta’minlash tizimida bozor mexanizmlarini bosqichma-bosqich joriy etish masalasiga to‘xtalar ekan, Prezident yetkazib berishning uzluksizligi, xavfsizlik va aholiga xizmat ko‘rsatish sifati ustuvor bo‘lishi kerakligini ta’kidladi.

Yangi energetika obyektlari uchun mutaxassislar tayyorlashda investorlar ishtirokini kengaytirish taklif etildi. Kelgusi o‘quv yilidan energetika yo‘nalishlari bo‘yicha qabul kvotalari oshiriladi, yetakchi xorijiy universitetlarda har yili 50 nafar yoshni o‘qitish uchun davlat grantlari ajratiladi.

Investorlar yer uchastkalarini ajratish, tarmoqlarga ulash va texnik shartlarni olish bilan bog‘liq masalalarni doimiy muloqot doirasida hal etish tashabbusi bilan chiqdi. Shu munosabat bilan yoqilg‘i-energetika tarmog‘ida Investorlar kengashi tashkil etiladi. Prezident Administratsiyasi rahbari raisligidagi ushbu kengash loyihalarni tayyorlashdan tortib obyektlarni foydalanishga topshirishgacha bo‘lgan barcha bosqichlarda yuzaga keladigan masalalarni tezkor hal etish bilan shug‘ullanadi.

Tadbir yakunida davlatimiz rahbari investorlar bilan muloqot qildi, ularning fikr va takliflarini tingladi hamda o‘zaro manfaatli hamkorlikni davom ettirishga tayyorligini bildirdi.

Manba