Yangiliklar (for all)
«Oʻzbekneftgaz» gaz qazib olishni sutkasiga 4,36 mln kub metrga oshirishni rejalashtirmoqda
«O‘zbekneftgaz» yil oxirigacha gaz kondensati, oltingugurt va suyultirilgan gaz ishlab chiqarishni joriy darajaning 120 foizigacha oshirishni rejalashtirmoqda. Ushbu vazifalar kompaniya rahbari Abdugʻani Sanginov raisligida o‘tkazilgan yig‘ilishda belgilab olindi.
Shuningdek, kompaniya tabiiy gazning kunlik qazib olinishini 4,36 mln kubometrga oshirishni rejalashtirmoqda. Gaz qazib olishdagi asosiy o‘sish yangi quduqlarni ishga tushirish hisobiga ta’minlanishi kerak. To‘qqiz oy yakuniga qadar qurilishi va tayyorgarligi avgust hamda sentyabr oylariga mo‘ljallangan obyektlarni ishga tushirish rejalashtirilgan. Ularni foydalanishga topshirish kuniga qo‘shimcha qariyb 3,9 mln kubometr gaz olish imkonini beradi.
Yana 460 ming kubometrni kompaniya 16 ta amaldagi quduqda kapital ta’mirdan so‘ng olishni rejalashtirmoqda.
Shu bilan birga, «O‘zbekneftgaz» oldiga tabiiy gaz qazib olish hajmlarini o‘tgan yilning shu davridagi darajada saqlab qolish vazifasi qo‘yilgan. Buning uchun kompaniya ishlab chiqarish ko‘rsatkichlarini har kuni nazorat qilishni kuchaytirishni, hatto alohida konlar, quduqlar va obyektlar darajasigacha nazoratni yo‘lga qo‘yishni maqsad qilgan.
Qayta ishlash yo‘nalishida asosiy vazifa gaz kondensati, oltingugurt va suyultirilgan gaz ishlab chiqarishni oshirish bo‘ladi. Kompaniya, shuningdek, neftni qayta ishlash korxonalariga xomashyoning barqaror yetkazib berilishini ta’minlashi va ishlab chiqarishning avariya sababli to‘xtab qolish xavfini kamaytirishi kerak.
Yig‘ilishda alohida kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik masalasi muhokama qilindi. Siquv kompressor stansiyalarini 1 oktyabrgacha ishga to‘liq tayyorlash topshirildi.
Kompaniyada E-KON, «Burg‘ilash markazi», ERP va BI raqamli tizimlarini joriy etish muddatlari ham belgilandi. Bundan tashqari, neft bazalarini raqamlashtirish yakunlanishi kerak. «O‘zbekneftgaz» boshqaruvi raisi Abdugʻani Sanginov raqamli yechimlar avvalo hisobotlarda emas, balki ishlab chiqarish samaradorligida aks etishi kerakligini ta’kidladi.
Parallel ravishda kompaniya 2027 yil uchun ishlab chiqarish va investitsiya rejalarini tayyorlashni boshladi. Ularga geologiya-qidiruv va geologik-texnik tadbirlar dasturlari, qazib olish va ishlab chiqarish balansi, qurilish va investitsiya dasturlari, shuningdek xaridlar rejasi kiradi.
Bo‘linmalar rahbariyatiga qo‘yilgan vazifalarning bajarilishini har kuni nazorat qilish topshirildi. Alohida e’tibor ishlab chiqarishni mahalliylashtirish va investitsiya loyihalarini amalga oshirishga qaratiladi.
Manba