29- Xalqaro «Ozbekiston neft va gazi – OGU 2027» korgazmasi va anjumani

12 - 14 may 2027, CAEx Uzbekistan / Toshkent

Yangiliklar (for all)

Neft-gaz sanoatidagi yirik loyihalar ko‘rib chiqildi

Prezident Shavkat Mirziyoyev neft-gaz tarmog‘ida amalga oshirilayotgan yirik loyihalar haqidagi taqdimot bilan tanishdi.

Joriy yilda “O‘zbekneftgaz” AJ faoliyatini takomillashtirish hamda xaridlar va ishlab chiqarish bilan bog‘liq masalalarni hal etishga qaratilgan ikki qaror qabul qilindi.

Taqdimot davomida ushbu qarorlarning ijrosi, tabiiy gaz qazib olish ko‘rsatkichlari va yil oxirigacha belgilangan chora-tadbirlar ko‘rib chiqildi.

Gaz zaxiralarini ko‘paytirish uchun geologiya-qidiruv ishlari kengaytirilmoqda. Xususan, joriy yilda uch o‘lchamli seysmik qidiruv hajmini o‘tgan yilga nisbatan besh barobar oshirish rejalashtirilgan. Yil boshidan buyon beshta yangi gaz koni ochildi, hududlarda 80 ta quduq, jumladan 6 ming metr va undan chuqurroq quduqlar burg‘ulandi. To‘rtinchi chorakda yana 40 ta quduq burg‘ulash mo‘ljallangan.

Istiqbolli uchastkalarni, avvalo Ustyurtning chuqur yotqiziqlarini o‘rganish, yangi konlarni o‘zlashtirish va amaldagi quduqlar samaradorligini oshirish bo‘yicha rejalar taqdim etildi.

Ushbu vazifalarni hal etish uchun burg‘ulash ishlarini yangi bosqichga olib chiqish va zamonaviy texnologik yechimlarni joriy etish muhim.

Hozirda Ustyurtda xorijiy hamkorlar bilan birgalikda yangi quduqlar burg‘ulash, geofizik ma’lumotlarni qayta tahlil qilish va gaz qazib olish samaradorligini oshirish bo‘yicha bir qator loyihalar amalga oshirilmoqda.

Taqdimotda “O‘zbekneftgaz” AJ va uning yirik korxonalarining moliyaviy natijalari ham tahlil qilindi. To‘qqiz oy yakuniga ko‘ra ularning jami sof foydasi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan oshdi. Kredit portfelini optimallashtirish qarzdorlikni kamaytirishga, yuqori foiz stavkali kreditlar shartlarini qayta ko‘rib chiqish esa ularni xizmat ko‘rsatish xarajatlarini qisqartirishga imkon berdi.

Gaz transport tizimining o‘tkazuvchanlik qobiliyatini oshirish bo‘yicha loyihalarga alohida e’tibor qaratildi. Ular yangi magistral gaz quvurlarini qurish va kompressor stansiyalarini modernizatsiya qilishni nazarda tutadi.

Ushbu loyihalarni amalga oshirish, jumladan ayrim stansiyalarda zamonaviy elektr dvigatellarni qo‘llash, yetkazib berish barqarorligini oshirish va yiliga 125 million kubometrgacha tabiiy gazni tejash imkonini beradi. Loyihalarni moliyalashtirish manbalari bo‘yicha takliflar ham ko‘rib chiqildi.

Taqdimotda “25 yillik Mustaqillik” konidagi avariyani bartaraf etish ishlari alohida ko‘rib chiqildi. Bunga ixtisoslashgan Xitoy kompaniyasi jalb etilgan. Hozir maydonga maxsus texnika va uskunalar olib kelinmoqda, quduqlar burg‘ulash joylari tayyorlanmoqda.

Avariya bartaraf etishning barcha bosqichlarida xavfsizlik talablariga qat’iy rioya qilish birinchi darajali ahamiyatga ega ekani ta’kidlandi.

Shuningdek, Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodida ishlab chiqarish hajmlarini oshirish va moliyaviy sog‘lomlashtirish bo‘yicha ishlar haqida ma’lumot berildi.

Asosiy texnologik qurilmalar ta’mirlanishi natijasida zavodda dizel yoqilg‘isi ishlab chiqarish 30 foizga, bitum 60 foizga, aviakerosin esa besh barobarga oshdi.

Zavodni xomashyoning barqaror yetkazib berilishi bilan ta’minlash, amaldagi quvvatlardan samarali foydalanish va qarzdorlikni qisqartirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar ko‘rilmoqda. Yil oxiriga borib zavod yuklamasini 40 foizdan 65 foizga oshirish, keyinchalik esa yanada ko‘paytirish rejalashtirilgan.

Davlatimiz rahbari mas’ullarga geologiya-qidiruv va burg‘ulash ishlarining samaradorligini oshirish, puxta hisob-kitoblar va aniq moliyalashtirish manbalari asosida yirik loyihalarni amalga oshirish, shuningdek tarmoq korxonalari samaradorligini oshirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.

Manba