27th International Oil & Gas Exhibition and Conference – OGU 2025

13 - 15 May 2025, CAEx Uzbekistan / Tashkent

News

New school for training advanced engineers opens

Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan Sho‘rtan gaz-kimyo majmuasi va Qarshi muhandislik-iqtisodiyot instituti bilan hamkorlikda “Gaz kimyosi va energetikasi” ilg‘or muhandislik bilim yurti o‘z faoliyatini boshladi.

Bu ikki yillik amaliy magistratura dasturlarini joriy etish orqali kelajak avlod muhandislarini tayyorlashga qaratilgan muhim qadamdir.
Iqtisodiyotning yuqori samarali va eksportga yo‘naltirilgan tarmoqlari uchun mutaxassislar tayyorlashda ilg‘or muhandislik maktabi muhim ahamiyatga ega.

Maktabning asosiy maqsadi sanoat sheriklarining ehtiyojlari va zamonaviy muhit talablarini hisobga olgan holda ijodiy va tadqiqotchi muhandislarni tayyorlashdir.
Maktabda zamonaviy o‘quv binosi, 4 amaliy auditoriya, axborot-resurs markazi, ishlab chiqarish laboratoriyalari mavjud. Mutaxassisliklar neft va gazni qayta ishlash texnologiyasi, elektr ta'minoti va kimyo texnologiyasi kabi sohalarni qamrab oladi.

O‘qituvchilar tarkibi institut professor-o‘qituvchilari, xorijlik o‘qituvchilar va Sho‘rtan gaz-kimyo majmuasining tajribali mutaxassislaridan iborat.
2024-2025 o‘quv yilida ilmiy tadqiqot ishlarini olib borish uchun 24 nafar magistrant, 6 nafar yosh olim va doktorant tayyorlanadi.

Korxonaning ilmiy-texnikaviy muammolari boʻyicha 3 milliard soʻmlik 3 ta ilmiy loyiha amalga oshiriladi. 2025-2026 yillarda 20 dan ortiq nomzodlik va 3 ta doktorlik dissertatsiyalarini himoya qilish, 2 ta innovatsion ishlanmani ishlab chiqarishga joriy etish rejalashtirilgan.
Majmua va institut olimlari bilan birgalikda 10 dan ortiq mavzular bo‘yicha ilmiy ixtirolar va texnik yechimlar ishlab chiqish uchun ikkita ariza topshirish ko‘zda tutilgan.

Mazkur ilg‘or muhandislik maktabi mamlakatimizda mutaxassislar tayyorlash jarayonini zamon talablari va sanoat ko‘magi asosida qayta tashkil etishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.